2021 yil 23 avgust, Toshkent, O‘zbekiston – Bugun AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ayol rahbarlar, tadbirkorlar, ayollarga tegishli kichik va o‘rta biznes korxonalari, faollar, inflyuyenserlar, blogerlar, ayollar boshchiligidagi biznes uyushmalari va tegishli nodavlat tashkilotlari uchun “Ayollar kuchi: pandemiyadan keyingi o‘sish tendensiyalari” nomli ayollar sammitini o‘tkazdi.

Ayollar sammitida yig‘ilgan manfaatdor tomonlar COVID-19 inqirozi gender tengsizligini qanday kuchaytirganini muhokama qilib, kuchli iqtisodiy o‘sishni saqlab qolish va ayollarning rasmiy iqtisodiyotdagi ishtirokini yaxshilash zarurligini tasdiqladi. Ayollarning ishtiroki iqtisodiyotni qayta qurish va tiklash harakatlarining markazida qolmoqda. Sammitda Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Hindistondan 80 dan ortiq ishtirokchilar, shu jumladan, siyosatchilar, bizneslar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, innovatorlar, tadbirkorlar va dizaynerlar ishtirok etdilar.

Sammit Markaziy Osiyo va Hindiston ayollarining COVID-19 oqibatlarini bartaraf etish va pandemiyadan keyingi muammolarni hal qilishda turli faoliyatni bajarayotganini, shuningdek, ayollarning ishchi kuchida, pandemiyadan keyingi tendensiyalarda va gender tengsizligini bartaraf etish imkoniyatlarida salohiyatini muhokama qilish uchun yuqori darajadagi muloqot platformasini tashkil etish uchun chaqirilgan.

Sammitda so‘zga chiqqan USAIDning O‘zbekistondagi Missiyasi direktori Mikaela Meredit shunday dedi: “USAIDda gender tengligi va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish bizning rivojlantirish sohasidagi faoliyatimizning asosini tashkil etadi. Ushbu sammit davomida biz pandemiya va pandemiyadan keyingi oqibatlarga qarshi kurashda ayollarning o‘ziga xos rolini ko‘rib chiqdik. Umid qilamanki, bu sammit doimiy muloqot platformasiga aylanadi va kelgusi yillar davomida ayollarning iqtisodiy integratsiyasini ijobiy shakllantiradi”.

Tadbir USAID ning Raqobatbardoshlik, savdo va ish o‘rinlari yaratish loyihasi va Qozog‘iston xalqaro taraqqiyot agentligi (KazAID) tomonidan AQSh Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Tadbir davomida ma’ruzachilar pandemiya bilan bog‘liq qiyinchiliklarni yengib o‘tishda o‘z fikrlari va yutuqlari bilan bo‘lishib, daromadlarni saqlab qolish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun pandemiyadan keyingi oqibatlarni bartaraf etishda ayollarning o‘ziga xos rolini ta’kidladilar. Ishtirokchilar Markaziy va Janubiy Osiyodagi ayollarning ulkan sa’y-harakatlari, jumladan, COVID-19 ga qarshi vaksinalarni ishlab chiqish, ishchi kuchi talablarini qondirish uchun yangi ta’lim dasturlari, ijtimoiy innovatsiyalar va startaplar haqida bilib oldilar.

USAID mintaqa mamlakatlarida gender tengsizligini kamaytirishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda ayollarning ishchi kuchidagi ishtiroki bilan bog’liq muammolarni hal qilishga ko‘maklashadi. Qizlar va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlar, ta’lim, savdo-sotiq va bog‘liqlik imkoniyatlarining oshishi ravnaq topishga, o‘sish va farovonlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Umuman olganda, AQSh Hukumatining sa’y-harakatlari uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikka va mintaqadagi ayollarga tegishli korxonalarning raqobatbardoshligiga yordam beradi. 

###

USAID O‘zbekiston Hukumati bilan mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiyalash va mintaqaviy savdoni ko‘paytirish, sog‘liq uchun jiddiy taxdidlar, jumladan, COVID-19 bilan kurashish, va aholining ehtiyojlarini qondirish uchun hukumat salohiyatini oshirish borasida hamkorlik qiladi. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun quyidagi manzilga o‘ting: https://www.usaid.gov/uzbekistan.

###

Image
women's summit