USAIDning  Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi maqsadli qishloq xo‘jaligi tovarlari uchun qo‘shimcha qiymat yaratishning yangi texnologiyalari va butun qiymat zanjiri bo‘ylab yangi boshqaruv usullarini joriy etish orqali O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida xususiy sektor ulushining oshishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

USAIDning Agrobiznesni rivojlantirish loyihasi O‘zbekistonda xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab-chiqarilgan qishloq xo‘jaligi tovarlari va xizmatlarining miqdori, sifati va xilma-xilligini oshirish orqali USAIDning ushbu sohadagi avvalgi faoliyati va yutuqlariga tayanadi. Loyiha doirasida USAID O‘zbekistonning xususiy sektorini qo‘llab-quvvatlaydi hamda mamlakatda ishchi kuchi oshib borayotgan sharoitda rasmiy iqtisodiyotda ish o‘rinlarini yaratishga imkon beradi. Ushbu sa’y-harakatlar O‘zbekistonda qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tovarlar ishlab-chiqarishni ko‘paytirishga, aholining zaif qatlamlari, shu jumladan yoshlar va ayollarni jalb qilishga, ta’lim muassasalarini xususiy sektor talabi bilan bog‘lash hamda qishloq xo‘jaligi uchun qulay muhitni yaratishga qaratiladi.

LOYIHA KOMPONENTLARI


1-KOMPONENT: AGROBIZNES RIVOJI

  • Agrobiznes raqobatbardoshligi va rentabelligini oshirish uchun biznesni boshqarishning innovatsion usullarini joriy etish;
  • Yangi bozorlarga chiqish uchun zarur sifat standartlari bo‘yicha agrobiznes korxonalarini o‘qitish va sertifikatlash bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston tashkilotlarining salohiyatini oshirish;
  • Qishloq xo‘jaligi korxonalariga mahsulotlarga qo‘shimcha qiymat qo‘shish, savdo hajmi va daromadni oshirish uchun yangi texnologiyalarga investitsiyalarni birgalikda moliyalashtirish.

2-KOMPONENT: AYOLLAR VA YOShLAR UCHUN IMKONIYATLARNI KENGAYTIRISH

  • Agrobiznes korxonalarida boshqaruvchilik yoki texnik lavozimlarni egallashlari uchun ayollar va yoshlarning (16 yoshdan 29 yoshgacha) ko‘nikma va texnik salohiyatni oshirish bo‘yicha biznes ko‘nikmalarni rivojlantirish treninglarini ishlab chiqish va o‘tkazish;
  • Biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha trening bitiruvchilariga yangi agrobiznesni boshlashga ko‘maklashish uchun grantlar ajratish.

3-KOMPONENT: ILM-FAN VA AGROBIZNES O‘RTASIDAGI ALOQANI MUSTAHKAMLASH

  • Agrobiznes korxonalarida talabalar uchun amaliyot va ishga joylashish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash;
  • Talabalarga agrobiznesda zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatish uchun yangi va takomillashtirilgan o‘quv dasturlarini joriy etish;
  • Qishloq xo‘jaligi korxonalari ehtiyojlariga xizmat qiladigan ilmiy doiralar va xususiy sektor o‘rtasida qo‘shma ilmiy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash.

4-KOMPONENT: QISHLOQ XO‘JALIGIDA AXBOROT-MASLAHAT (EKSTENSHN) XIZMATLARINI MUSTAHKAMLASH

  • Qishloq xo‘jaligida yangi va takomillashtirilgan axborot-maslahat xizmatlarni joriy etish;
  • Qishloq xo‘jaligida sifatli axborot-maslahat xizmatlarini ko‘rsatishlari uchun davlat va xususiy sektor vakillarining salohiyatini oshirish;
  • Barcha manfaatdor taraflarga ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish uchun axborot-maslahat xizmatlarini ishlab-chiqish.

5-KOMPONENT: QISHLOQ XO‘JALIGI RIVOJI UCHUN QULAY MUHIT YARATISH

  • O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sohasini tartibga soluvchi qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazani va standartlarni takomillashtirishda tahliliy ko‘mak ko‘rsatish;
  • Mintaqaviy savdoni rivojlantirish bo‘yicha qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirishni qo‘llab-quvvatlash;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligini O‘zbekiston respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlash;
  • O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining o‘sishi va rivojlanishidagi to‘siqlarni bartaraf etish uchun davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish.